Shuxrat Qalandarov: «Kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘quvchiga 10 million so‘m pul mukofoti beriladi!»
Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan payshanba – «Yoshlar kuni» munosabati bilan bugun Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov 5-sonli umumta’lim maktabida «Hokim va yoshlar uchrashuvi»da ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida maktabda tashkil etilgan fan, sport hamda musiqa va san’at to‘garaklari a’zolarining chiqishlari, shaxmat-shashka musobaqasi jarayonlari bilan tanishildi. Tuman rahbari 100 yillik maktab Surxondaryo viloyati hokimining tashabbusi bilan zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinganini ta’kidlab, o‘quvchi-yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratish maqsadida maktabni yetarli sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yukladi.
Shundan so‘ng, hokim yoshlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va tashabbuslari hamda murojaatlarini tingladi. Yoshlarning takliflari asosida maktabda ingliz, nemis, yapon va koreys tillarini o‘rgatuvchi o’quv kursi tashkil etilishi, xarajatlar tuman mahalliy budjetidan qoplab berilishi hamda o‘quv kurslari maktab o‘quvchilari uchun mutlaqo bepul bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, tuman rahbari maktab o‘quvchilari o‘rtasida tuman hokimi sovrini uchun «Kitobxon o‘quvchi» tanlovi o‘tkazilishini, unda 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga 10 million so‘m, 2-o‘ringa 7 million so‘m hamda 3-o‘rin sohibi bo‘lgan o‘quvchiga 5 million so‘m pul mukofoti berilishini e’lon qildi. Mas’ullarga tanlov nizomlari va tartiblarini ishlab chiqib, joriy yil aprel oyida o‘tkazish hamda g‘oliblarga mukofotlar tantanali topshirish tadbirlarini tashkil etish vazifasi yuklandi. Tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuv va muloqotlari har hafta payshanba kuni navbat bilan barcha mahallalarda o‘tkaziladi.
